SHO‘RTANGAZKIMYO MAJMUASI ATROFIDAGI OCH TUSLI BO‘Z TUPROQLARDA OG‘IR METALLAR MIQDORI
Annotatsiya
Maqolada, Sho'rtangazkimyo majmuasi atrofida tarqalgan och tusli bo'z tuproqlar tarkibidagi og'ir metallar miqdoriga majmua chiqindilarining ta'siri bayon etilgan. Tadqiqotda qo'rg'oshin va nikel elementlarining yalpi miqdori o'rganilgan. Natijalarning ko'rsatishicha, yalpi qo'rg'oshinning eng ko'p miqdorlari majmuaning janubiy-g'arb yo'nalishida 1250 m uzoqlikda (240 mg/kg) va janubiy- sharq yo'nalishida 1500 m uzoqlikda (276 mg/kg) aniqlangan. Nikel elementining eng ko'p miqdorlari esa 280 mg/kg (janubda-1500 metr), 298 mg/kg (janubiy-sharqda 2100 metr) qayd etilgan. Ushbu ko'rsatkichlar mazkur elementlarning fon ko'rsatkichi va ruxsat etilgan me'yorlaridan bir necha barobar ko'pdir. O'rganilgan elementlar asosan tuproqning ustki qatlamlarida to'planishi va tuproq profili bo'ylab pastga tomon kamayib borishi aniqlangan. Hududda og'ir metallarning tarqalishiga shamol yo'nalishi va transport harakati ta'sir ko'rsatishi ta'kidlangan.