STOMATOLOGIYA TA’LIMIDA VALEOLOGIK MADANIYATNI RIVOJLANTIRISHNING INTEGRATIV VA RAQAMLI PEDAGOGIK TEXNOLOGIYALARI
Annotatsiya
Mazkur tadqiqot stomatologiya ta’limi jarayonida bo‘lajak stomatolog mutaxassislarning valeologik madaniyatini rivojlantirishning integrativ va raqamli pedagogik texnologiyalarini ilmiy asoslashga bag‘ishlangan. Zamonaviy tibbiy ta’lim tizimida stomatologiya sohasida faqat klinik bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish yetarli bo‘lmay, balki talabalar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, profilaktik tibbiyot g‘oyalarini keng targ‘ib qilish hamda og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarining oldini olishga qaratilgan valeologik kompetensiyalarni rivojlantirish muhim pedagogik vazifa hisoblanadi. Tadqiqotda stomatologiya ta’limida valeologik madaniyatni shakllantirishning nazariy asoslari tahlil qilindi hamda kompetensiyaviy yondashuv, integrativ tibbiy ta’lim konsepsiyasi va raqamli pedagogik texnologiyalar asosida metodik model ishlab chiqildi. Tadqiqot jarayonida klinik vaziyatlarga asoslangan o‘qitish (case-study), muammoli ta’lim (problem-based learning), simulyatsion trening texnologiyalari hamda elektron ta’lim platformalari integratsiyasi asosida stomatologiya fanini o‘qitishning yangi metodik yondashuvi taklif qilindi. Tajriba-sinov ishlari davomida stomatologiya fakulteti talabalari orasida valeologik bilimlar, profilaktik stomatologiya ko‘nikmalari hamda sog‘lom turmush tarziga motivatsiya darajasi diagnostik mezonlar asosida baholandi.