Samarqand viloyatining ikki tumani yer maydonlaridagi bug‘doy navlari (Intensivnaya, Tanya) ning nematodafaunasi 96 turdan iborat bo‘lishi aniqlangan. Fauna tarkibidagi nematodalar o‘zlarining oziqlanish usuli, o‘simliklarga nisbatan munosabati va boshqa xususiyatlariga binoan 8 guruhga ajraladi. Bug‘doyning yer usti va yer osti vegetativ a’zolarida mikogelmintlar, politroflar va chin endoparazit fitonematodalar guruhlariga mansub Paraphelenchus, Ditylenchus, Pratylenchus kabi avlodlarning vakillari ustunlik qilishi ma’lum bo‘lgan. Sug‘oriladigan yerlarda yetishtiriladigan bug‘doy parazit bug‘doy nematodasi bilan (Anguina tritici) zararlanganligi qayd qilingan.