Ushbu tadqiqotda tuproq bakteriyalarining yil fasllariga qarab soni va metabolik faolligidagi oʻzgarishlar, xususan ularning antibiotiklar, sideroforalar va fitogormonlar kabi ikkilamchi metabolitlarni sintez qilish qobiliyati oʻrganildi. Turli fasllarda olingan tuproq namunalari asosida bakteriyalarning miqdoriy va sifat jihatdan farqlanishi oʻrganildi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, bahor va yoz fasllarida harorat va namlikning qulayligi bakteriyalar faolligining ortishiga olib keladi, qishda esa bu faoliyat keskin kamayadi. Biologik faol metabolitlar ishlab chiqarilishi esa bakteriyalar soni va ekologik omillarga bevosita bog‘liq ekani aniqlandi. Tuproq bakteriyalari azot, uglerod va fosfor kabi asosiy biogeokimyoviy aylanishlarda ishtirok etibgina qolmasdan, balki ularning mahsulotlari qishloq xoʻjaligi va tibbiyotda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ularning mavsumiy dinamikasini oʻrganish - barqaror tuproq boshqaruvi, ekin hosildorligini oshirish va yangi dori vositalarini izlab topishda muhim ilmiy asos hisoblanadi.