Ushbu maqolada antroponimlarning grammatik xususiyatlari atroflicha tahlil qilinadi. Har bir xalqning ismlari uning milliy madaniyati va an’analariga bog‘liq bo‘lishi bilan birga, muayyan tilning grammatik qonuniyatlariga ham bo‘ysunadi. Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanida qo‘llanilgan antroponimlar misolida ularning tuzilishiga oid ilmiy yondashuvlar ko‘rib chiqiladi. Soha mutaxassislari tasnifiga ko‘ra, o‘zbek tilidagi antroponimlar sodda, yasama va qo‘shma tuzilmali turlarga ajratiladi. Yasama antroponimlar fonetik, leksik-semantik va affiksatsiya usullari orqali shakllanadi. Qo‘shma antroponimlar esa sintaktik yo‘l bilan hosil bo‘lib, tilda keng qo‘llanadi. Maqolada romandagi antroponimlarning shakllanishi va yasalish usullari lingvistik jihatdan tahlil qilinadi. O‘zbek onomastikasida antroponimlarning o‘rni beqiyos bo‘lib, adabiy asarlar orqali ularning qo‘llanilishi, rivojlanish xususiyatlari va madaniy ta’siri ham ochib beriladi.