Ushbu ishda turli eritmalarda past haroratda gidrotermal usulda rux oksidi (ZnO) nanorodlarini sintez qilish metodikasi hamda sintez qilingan nanorodlarning morfologik xossalari bayon qilingan. Tadqiqotlar koʻrsatdiki, geksametiltetramin (C6H12N4) va rux-nitrat-geksagidrat (ZnN2O6∙6H2O) ning deionlashtirilgan suvdagi eritmasida tagliklar yuzasida avvaldan hosil qilingan nanokristal kurtaklar davomidan geterogen yadrolanish natijasida vertikal yoʻnalishda nanorodlar oʻsishi kuzatilgan. Shuningdek, sintez jarayonida eritmaning hajmida gomogen yadrolanish natijasida hosil boʻluvchi kurtaklar tagliklarning sirtiga choʻkib, ulardan gorizontal yoʻnalishda ZnO nanorodlari oʻsadi. Tadqiqotlar koʻrsatdiki, rux-atsetat-digidrat (ZnC4H6O4∙2H2O) va ammoniy gidroksidi (NH4OH) ning deionlashtirilgan suvdagi eritmasida ham gidrotermal usulda ZnO nanorodlarini sintez qilish mumkin.