Bugungi dunyoda kechayotgan xalqaro jarayonlar davlatlarni har qachongidan ko‘ra faol, konstruktiv va o‘zaro ishonch asoslangan tashqi siyosat yuritishni taqazo qilmoqda. Davlatlar diplomatiyasidagi natijadorlik uzoq yillar siyosiy munosabatlar doirasi bilan cheklangan bo‘lsa, endilikda faqat siyosiy yoki savdo-iqtisodiy hamkorlik bilan davlatlararo munosabatlarning samarasini belgilab bo‘lmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, davlatlar tashqi siyosatida madaniy-gumanitar yo‘nalish tobora ustuvor ahamiyat kasb etib bormoqda. Garchi bu yo‘nalish siyosiy va savdo-iqtisodiy aloqalarda kuzatiladigan manfaatdorlik “soyasida” qolib ketsada, lekin u xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlik rishtalarining mustahkamlanishi, inson kapitalining rivojlanishi va eng asosiysi davlatning jahon hamjamiyati oldida ijobiy imidji shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Buni O‘zbekiston Respublikasining Malayziya Federatsiyasi bilan madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorligi misolida ham kuzatish mumkin.