Suv insoniyat uchun eng muhim resurslardan biri bo‘lib, asosan ichimlik va sug‘orish uchun ishlatiladi. Ichimlik va sug‘orishdagi suv sifati inson hayot tarziga ta’sir qiluvchi asosiy omil hisoblanib, atrof-muhitni ekologik monitoringining muhim normativlaridan biri hisoblanadi. Insoniyat muntazam ravishda turli manba’lardan, jumladan kosmik nurlar va havodan, oziq-ovqat va suvda to‘plangan tabiiy radionuklidlardan kelib chiqadigan ionlashtiruvchi nurlanishlar ta’siriga duchor bo‘ladi. Radionuklidlarning inson tanasiga kirishining asosiy yo‘li suv bo‘lib, u inson sog‘ligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Suv radioaktivligini baholashning asosiy ko‘rstkichlaridan biri, suvda mavjud bo‘lgan radionuklidlarning konsentratsiyasi va yillik effektiv dozasidir.
Biz taqdim etayotgan ilmiy tadqiqot ishidan, suvning radioekologik ko‘rsatkichi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Suv tarkibidagi TRN (224,226,228Ra, 210Po, 210Pb(210Bi), 238,234,235U larning solishtirma aktivliklari UMF-2000 radiometri yordamida hisoblab topiladi. Har bir radioizotoplar radiokimyoviy usullarda ajratiladi va kosentratsiyalanadi.