Ma’lumki, tilshunosligimizda badiiy asar terminologiyasiga doir qilingan ilmiy ishlar sanoqli. Xususan, Alisher |Navoiy asarlarida qo‘llanilgan terminlarni aniqlash, tahlil qilish Navoiy asarlarini tushunish uchun ham, terminologiya uchun ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Alisher Navoiy asarlarida turli sohalarga, kasb-hunar va fan tarmoqlariga oid ko‘plab terminlar qo‘llanilgan. “Xamsa”ning uchinchi dostoni bo‘lgan “Layli va Majnun” dostonida ham bir qancha terminlarni uchratish mumkin. Jumladan, zoologik terminlar. Asarda zoologiya faniga oid terminlardan hayvon nomlari, qushlar nomi, hasharotlar nomlari kabilar keltirilgan. Bu terminlarning ayrimlari hozirgi kungacha o‘z holida saqlangan bo‘lsa, aksariyati hozirgi o‘zbek adabiy tilida boshqa nom bilan ataladi. Biz ushbu maqolada dostonda kelgan zoologik terminlarni aniqladik va tahlilga tortdik.