Tashxis va jonlantirish san’ati badiiy san’atlar ichida goʻzal va diqqatga sazovor
san’at turlaridan boʻlib, badiiy soʻz san’atlarining ma’naviy guruhiga kiradi. Tashxis va jonlantirish
san’ati jahon adabiyotining ilk badiiy san’at namunalaridan boʻlib, uning vujudga kelishi uzoq tarixga
borib taqaladi. Bu badiiy san’at turining vujudga kelishi, ibtidoiy zamon odamlarining paydo boʻlishi
va ularning ibtidoiy ongi rivojlanishi bilan bevosita bogʻliqdir. Tashxis va jonlantirish san’ati jahon
adabiyotshunosligida toʻliq tadqiq etilmagan. Mazkur maqolada tashxis va jonlantirish san’atining
tarixi, nazariy masalalari, boshqa badiiy san’atlardan mustaqilligi va mumtoz adabiyotda tutgan oʻrni
aniq dalillar asosida yoritilgan.