Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek, balki butun jahon adabiyoti, san’ati, madaniyati va tilshunosligiga ulkan hissa qo‘shgan betakror siymolardan biridir. U tom ma’noda o‘zbek tilining asoschisi, g‘azal mulkining sultonidir. Turk tilida hech kim Navoiychalik “ko‘p va xo‘p” (Bobur) ijod qilmagan. “Saddi Iskandariy” “Xamsa”dagi dostonlarning hajman eng kattasidir. U 89 bobdan iborat. Dostonda juda ko‘p mavzuga doir terminlar qo‘llanilgan. Masalan, harbiy, dengizchilik, chorvadorlik, dehqonchilik, naqqoshlik, hayvonot olami, baliqchilik, oila, saroy, davlat ishlari, ijtimoiy-siyosiy va boshqa mavzuga doir terminlarni ko‘plab uchratamiz. Ushbu maqolada oila, nikoh, to‘y, musiqa, bayram, bazm bilan bog‘liq terminlar o‘rganilib, tuzilish, morfologik, leksik jihatdan tahlil qilindi. Ushbu terminlarni o‘zbek tilining izohli lug‘atidan o‘rganganimizda o‘zbek, arab va fors tillariga mansubligi ma’lum bo‘ldi. Bu terminlarning ko‘pchiligi hozirda umumiste’moldan chiqib ketgan bo‘lsa, ba’zilari o‘rnini boshqa bir so‘zga bo‘shatib bergan, yana bir qismi esa hozir ham ishlatiladi. Biz maqolamizda buni batafsil yoritishga harakat qildik.