Muallif yozma manbalar va ilmiy adabiyotlarga tayangan holda Kan iborasining vujudga kelishi, mazmun, mohiyati va Xitoy hududlarida tarqalishi masalasini ochib berishga harakat qilgan. Sug‘diy knδ – kan iborasi Sharqiy Turkistonda topilgan xristian, moniy, buddaviy matnlarda keng uchraydi. Mug‘ tog‘i sug‘diy hujjatlarida ham bu so‘z “shahar” nomi ma’nosini ifodalab kelgan. Dastlab toponimlarning bir qismi (Samar+qand, Tosh+kent, Kon+ibodom, Kan+duz, Kan+dahor va h.o.) sifatida ishlatilgan mazkur ibora, keyinchalik turli bosqinlar va savdo munosabatlari bilan Xitoy hududiga tarqalgan hamda “samarqandlik” ma’nosini ifodalash uchun ishlatilgan. Tadqiqotda ushbu iboraning kishi ismlaridan aks etishiga e’tibor qaratilib, Kan familiyasining ilk o‘rta asrlar Sug‘d va Xitoy tarixini o‘rganishda onomastik ma’lumot sifatida muhimligi ko‘rsatib berilgan. Bundan tashqari, maqolada Kan familiyasining Xitoy hududlariga tarqalishining tarixiy asoslari va bunga ta’sir ko‘rsatgan omillar tahlil qilingan. Muallif mazkur iboraning turli manbalarda uchrashi va uning Samarqand bilan bog‘liqligiga doir bir qator mustaqil fikrni ilgari surgan.